Qonunchilikdagi o‘zgarishlar yetkazildi

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari S.Erniyazov ochib berdi va olib bordi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayati sudyasi G.Zaripovaga Iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha йиғилганларга маълумот берди.

Sudlarga tushuntirilsinki, sudga soliq organi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda, moliyaviy sanksiya qo‘llash soliq organining vakolatiga kirishi sababli, bunday arizani O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 110-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritish tugatilishi lozim.

Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etilganda sudlar soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun Soliq kodeksi 111-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan asoslar mavjudligini hamda soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori mavjudligini o‘rganishi lozim.

Sudning qaroriga asosan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan soliq organi tomonidan moliyaviy jarima qo‘llash yoxud banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilingan bo‘lsa, ushbu talablar to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilmasligi sababli ariza sudda mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim.

Biroq, sudning qaroriga asosan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish davom etayotgan yuridik shaxsga nisbatan soliq organi tomonidan banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi ariza bilan murojaat qilinganda, «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 148-moddasiga binoan tugatish boshqaruvchisi tomonidan qarzdorning barcha hisobvaraqlari yopilishi va yagona hisobvaraq ochilishini inobatga olib, ushbu arizani qanoatlantirish rad etilishi lozim.

Soliq kodeksi 269-moddasi birinchi qismining 3-bandida yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb e’tirof etilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida hisobvaraq-fakturalarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi nizo sudga taalluqli ekanligini anglatmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi sudyasi  J.Aymagambetovaga soliq nizolarini sudlarda ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari Ma’muriy sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha gapirib o‘tdi.

Soliq organining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlar MSIYutKning 23-bobi tartibida ko‘rib chiqiladi.

Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarori ustidan berilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmaganligi, soliq to‘lovchining belgilangan muddat o‘tgandan keyin soliq organining qarorini sudda nizolashish huquqini istisno qilmaydi.

Shu bilan birga, sudlarning e’tibori soliq to‘lovchi sudga yuqori turuvchi soliq organi mansabdor shaxsining shikoyatni muddatida ko‘rib chiqmaslikda ifodalangan harakatsizligi ustidan ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishi mumkinligiga qaratilsin.

Sudlarga tushuntirilsinki, yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirish asoslari Soliq kodeksining 234-moddasida keltirilgan.

Agar shikoyat Soliq kodeksi 234-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisiga asosan ko‘rmasdan qoldirilgan yoki shikoyat soliq organining belgilangan tartibda ilgari shikoyat qilingan qarori ustidan berilganligi asosi bilan ko‘rmasdan qoldirilgan yoxud yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyat berish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan bo‘lsa, soliq to‘lovchi quyi turuvchi soliq organining qarori ustidan sudga murojaat qilishga haqli.

Soliq kodeksi 231-moddasining to‘qqizinchi qismida soliq organlarining qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi qayd etilganligi sababli, bunday arizalar (shikoyatlar) MSIYutK 186-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddatda berilishi mumkin.

Soliq to‘lovchi nizolashilayotgan qaror haqida bilgan payt deganda, qaror belgilangan tartibda topshirilmagan bo‘lsa-da, u nizoli qarordan amalda xabardor bo‘lgan vaqt (masalan, soliq organining qarori asosida soliq to‘lovchidan soliqni undirishga qaratilgan harakatlar va hokazo) tushuniladi.

Yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganida soliq organining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish muddati, quyi turuvchi soliq organining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi (Soliq kodeksining 234-moddasi tartibida ko‘rmasdan qoldirilgan shikoyatlar bundan mustasno).

MSIYutK 186-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, sud ariza (shikoyat) berishning uzrli sabablarga ko‘ra, o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashga haqli.

Sudga murojaat qilishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masalani hal qilishda, sudlar arizachining nizolashilayotgan qaror yoki harakat (harakatsizlik) haqida bilgan yoxud bilmaganligi, arizachi o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash borasida qanday choralar amalga oshirganligiga e’tibor qaratishi lozim.

Masalan, favqulodda holatlar, karantin, fuqaroning og‘ir va davomli kasalligi, shaxsning soliq qarori haqida bexabarligi sudga murojaat qilishga ob’ektiv to‘sqinlik qiluvchi holatlar sifatida ariza berishning muddati uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan deb topilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.

Sud har bir ish bo‘yicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxsning muddatni o‘tkazib yuborilishiga sabab sifatida keltirilgan vajlarini muhokama qilishi lozim.

Soliq kodeksi 231-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng sud tartibida shikoyat qilinganda sud tegishli tartibda yuqori turuvchi soliq organini ishga jalb qilishi lozim, bundan Soliq kodeksi 235-moddasi to‘rtinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holat mustasno.

Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan soliqlar va yig‘imlarni belgilash, joriy etish va bekor qilishga, hisoblab chiqarish hamda to‘lashga doir munosabatlar jamoatchilik nazoratining ob’ekti hisoblanmasligi, MSIYutKning 23-bobi tartibida soliq organlarining individual xarakterga ega bo‘lgan qarorlari (mansabdor shaxsning harakati, harakatsizligi) nizolashishi mumkinligidan kelib chiqqan holda sudga yuqorida qayd etilgan Qonun asosida murojaat qilgan jamoatchilik nazorati sub’ektining arizasini sudya MSIYutK 134-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan qaytarishga haqli.

Ariza (shikoyat) soliq to‘lovchi yoki uning vakili tomonidan imzolanib, kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishni ko‘rishda sud, arizachining iltimosiga ko‘ra jamoatchilik nazorati sub’ektini mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilish masalasini hal qiladi.

Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYutKning 79-moddasida ko‘rsatilgan masalalar yuzaga kelganda, sud tomonidan ekspertiza tayinlanishi mumkin.

Soliqqa oid nizolar yuzasidan tayinlanadigan ekspertiza turini aniqlashda sudlar ekspert tekshiruvi ob’ektining xususiyatidan kelib chiqishi lozim (masalan, sud-soliq, sud-buxgalteriya va hokazo).

Sudlar ma’muriy ish bo‘yicha tayinlangan ekspertizani o‘tkazish uchun to‘lov undirilishi masalasini «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasi talablari asosida hal etishi lozim.

Sudlar ishlarni ko‘rishda sansalorlik va ishlarni ko‘rish muddati cho‘zilib ketishining oldini olish maqsadida o‘z vaqtida ekspertga zarur hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha choralar ko‘rishi lozim.

Ekspert xulosasi sud uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas va ish bo‘yicha boshqa dalillarning yig‘indisi bilan baholanishi lozim. Sudning ekspertiza xulosasiga qo‘shilmaganligi sud qarorida asoslantirilishi shart.

Soliq organi qarori, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza (shikoyat)ni ko‘rishda ma’muriy sudlar quyidagilarni tekshirishi kerak:

soliq tekshiruvini o‘tkazish haqidagi qaror vakolatli shaxs tomonidan qabul qilinganligi;

soliq tekshiruvini o‘tkazishda qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga amal qilinganligi;

tekshiruv ro‘yxatga olinganligi holatlari.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1878-moddasi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida tayinlangan taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasi qonuniy choralar ko‘rish uchun tegishli vakolatli organga yuborilishini ham nazarda tutadi.

Taftish natijalari ustidan tekshirilayotgan sub’ektning mansabdor shaxslari yoki vakillari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 18710-moddasiga asosan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qo‘shimcha yoki qayta taftish tayinlash to‘g‘risida shikoyat qilishga haqli ekanligi belgilangan.

Vakolatli organ tomonidan qonuniy choralar ko‘rish yuzasidan qabul qilingan qaror ma’muriy hujjat hisoblanadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ma’muriy hujjat uni qabul qilishning qonunchilikda belgilangan tartib-taomillari buzilganligi asosida haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, sud qarori bilan vakolatli organ zimmasiga tekshirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.

Ma’muriy ishni tergov harakatlari olib borilayotgan yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmaganda (nizolashilayotgan qarorda ko‘rsatilgan hisob-kitoblarga e’tiroz bildirilgan hollarda) sud MSIYutK 99-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni to‘xtatishi shartligiga e’tibor qaratilishi lozim.

Sudlarning e’tibori qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish bekor qilinganligi natijasida hisoblangan soliq summasini undirish to‘g‘risidagi qarorni nizolashish bo‘yicha ishlarni ko‘rishda Soliq kodeksining 267-moddasida nazarda tutilgan asoslarni tasdiqlovchi dalillar mavjudligiga qaratilishi lozim (masalan, soliq to‘lovchi tomonidan yengil avtomobillar, mototsikllar, vertolyotlar, motorli qayiqlar, samolyotlar, shuningdek motorli vositalarning boshqa turlari va ular uchun yoqilg‘i sotib olinganda, ushbu tovarlarning yuridik shaxs amalga oshirayotgan faoliyat turiga bog‘liqligiga aniqlik kiritish uchun faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar, transport vositasini boshqarish uchun haydovchini (pilotni) biriktirish haqida buyruq, transport vositasini boshqaruvchi shaxsga berilgan sug‘urta polisi, transport vositasi ekspluatatsiyasiga oid hujjatlar yoxud alkogol va tamaki mahsulotlari sotib olinganida, ularga aksiz markasi mavjudligi va hokazo).

Soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda, soliq to‘lovchining harakatlarida Soliq kodeksining 223-moddasida nazarda tutilgan, soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb baholanadigan holatlar mavjud yoki mavjud emasligiga e’tibor qaratish lozim.

Soliqni (yig‘imni) noto‘g‘ri hisoblab chiqarish deganda — soliq summasini hisoblashdagi xatoliklar tushuniladi (masalan, soliq summasini hisoblashda soliq to‘lovchi tomonidan soliq stavkalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi).

Soliq kodeksining 223, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlari soliqni (yig‘imni) noto‘g‘ri hisoblab chiqarish sifatida baholanmaydi.

Tushuntirilsinki, soliq tekshiruvi jarayonida inventarizatsiya o‘tkazilganda, inventarizatsiyani o‘tkazish uchun soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) buyruq chiqarishi, inventarizatsiya o‘tkazish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom 5-bobining 11-paragrafi hamda 6-bobining 7-paragrafida belgilangan qoidalarga mos bo‘lishi kerak.

Sudlar soliq to‘lovchi ishchi-xodimlarining haqiqiy soni va soliq hisobotida aks ettirilgan ishchi-xodimlar soniga muvofiqligi bilan bog‘liq holatlarga baho berishda, soliq organi tomonidan tekshirishda soliq to‘lovchining haqiqatda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlari soni aniqlanganligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 11-ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma tuzilganligi, soliq hisobotlarida mavjud bo‘lmagan ishchi-xodimlardan ularning ishlash davri hamda olayotgan daromadlari summasi (ish haqi) to‘g‘risida yozma ravishda tushuntirishlar yoki boshqa dalillar olinganligiga e’tibor qaratishi lozim.

Soliq organi qarori haqiqiy emas, mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sudlar MSIYutK 189-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, tegishli soliq organi yoki mansabdor shaxsning zimmasiga soliq tekshiruvi materiallarini qayta ko‘rib chiqish yoxud shaxsning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni tiklash uchun qonunda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash masalasini muhokama qilishi lozim.

Masalan, soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqishning tartib-taomilining muhim shartlarini (soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida soliq to‘lovchi shaxsan va (yoki) o‘z vakili orqali ishtirok etish imkoniyati ta’minlanmaganligi, soliq to‘lovchiga tushuntirishlar berish imkoni yaratilmaganligi, soliq tekshiruvi materiallari vakolatsiz shaxs tomonidan ko‘rilganligi) buzilishiga yo‘l qo‘yilganda, soliq tekshiruvi materiallarini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanishi lozim.

Sudlarning e’tibori soliq nizolari yuzasidan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida haqiqiy emas deb topilgan soliq organi qarori haqida batafsil ma’lumotlar, jumladan qarorning nomi, sanasi, raqami, bandi hamda mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi) nimada ifodalanganligi aniq aks ettirilgan bo‘lishi lozimligiga qaratilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Erniyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Oliy sudi fuqarolik ishlar bo‘yicha lov hayati sudyasi E.Uteniyazovga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘riladigan soliqqa oid nizolar bo‘yicha tushuncha berdi.

Fuqarolar va soliq organlari o‘rtasidagi soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha har qanday nizo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan hal qilinadi.

Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 171-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq, soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan sud buyrug‘i berish orqali hal qilinadi.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash hamda ushbu to‘lovlar miqdori to‘g‘risida taraflar o‘rtasida nizo vujudga kelgan taqdirda, ushbu masala da’vo ishini yuritish tartibida hal qilinadi.

Soliq organining fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish yoki fuqarolarning soliq organidan ortiqcha miqdorda to‘langan to‘lovlarni qaytarish yoxud uni qayta hisoblash to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishda, sudlar fuqarolarning qarzdorligi yoki to‘lovlarni ortiqcha to‘langanligi qaysi soliq turidan kelib chiqqanligini hamda uning miqdori to‘g‘ri hisoblanganligini tekshirishi lozim.

Sudlar fuqarolardan mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan hisoblangan soliqni undirish haqidagi talablarni ko‘rib chiqishda, Soliq kodeksi 375-moddasining 4-bandidan kelib chiqib, ushbu daromadlar mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi sifatida aniqlanishiga, mazkur qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilish qiymati, ko‘chmas mulk bo‘yicha esa — kadastr qiymati hamda realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq daromad deb e’tirof etilishini inobatga olishi kerak.

Sudlarga tushuntirilsinki, realizatsiya qilingan ko‘chmas mulkning kadastr qiymati aniqlanmagan (nol qiymatda belgilangan) taqdirda, mazkur soliqning miqdori faqat kadastr organi tomonidan ushbu ko‘chmas mulkning kadastr qiymati belgilangandan keyingina hisoblanishi mumkin.

Seminar davra suhbati yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi hamda seminar davra suhbati davomida ishtirokchilar tomonidan o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldilar,ushbu savol javoblar yakuni buyicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Erniyazov seminarni yakunlash oldi Soliq Qo‘mitasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 23.05.2023 yilgi  qoshma qarori bilan tasdiqlangan  reglament hamda tegishli kodekslar asosida ish yuritishni topshirib o‘tdi, va shu bilan seminar davra suhbati yakuni bo‘yicha qaror qabul qilindi.

 

                                                                 Z.Abdimuratova,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq

boshqarmasi Yuridik bo‘limi

sho‘ba boshlig‘i