Sog‘lom jamiyat — barqaror taraqqiyot kafolati

Bir necha kun muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu muhim tashabbus mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, inson salohiyatini yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur strategik yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglagan holda, Soliq qo‘mitasi tizimida ham inson resurslarini rivojlantirish, xodimlar salomatligini mustahkamlash va ularning kasbiy samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, haftaning har Seshanba kuni rasman “Sport kuni” deb e’lon qilinishi orqali xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va korporativ birdamlik muhitini shakllantirish maqsad qilingan.

Endilikda Soliq qo‘mitasi va uning quyi tizimlari xodimlari mazkur kunda suv sporti, voleybol hamda mini-futbol kabi ommaviy sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa, o‘z navbatida, jamoada sog‘lom muhitni qaror toptirish, ish samaradorligini yanada oshirish va xodimlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qo‘mita markaziy apparati hamda hududiy soliq boshqarmalari va inspeksiyalarida zamonaviy trenajyor zallarini tashkil etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilib, xodimlar uchun qulay va samarali sport infratuzilmasi yaratilmoqda.

“Ushbu tashabbuslar, shubhasiz, davlatimizda inson qadrini ulug‘lash, sog‘lom va faol jamiyatni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli siyosatning yana bir yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasining Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i To‘rabek To‘rayev.