Tadbirkorlarga 372 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan
Joriy yilda ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanib, 2023-yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 %ga o‘sgan.
Hisobot davrida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida anomal sovuq va energiya inqirozidan talofat ko‘rgan tadbirkorlik subyektlariga 13 trln so‘mlik kreditlar ajratilgan, 1210 ta tadbirkorning kredit to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik muddatlari uzaytirilgan va ularga soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan.
Global miqyosdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq keskinliklar kuzatilayotgan bir vaqtda mamlakatimizda Davlat budjeti barqarorligini ta’minlashga erishilmoqda. Davlat budjeti daromadlari hisobot davrida rejaga nisbatan 102,8%ga yoki 1,3 trln so‘mga oshirib bajarildi.
Iqtisodiyotda soliq yukining pasayganligi evaziga tadbirkorlar faolligining oshishi hamda investitsiyaviy faollikning kuchayishi budjet daromadlari barqarorligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Davlat budjeti ijtimoiy xarajatlarining 93,4 % ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri kelganligini deputatlar mamlakatimizda ijtimoiy davlat prinsiplariga amal qilinayotganligining namunasi sifatida baholadilar.



