#EHF
Soliq to‘lovchilarga xizmat koʻrsatishda amalga oshirilayotgan konstruktiv muloqotlar jarayonida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda elektron hisobvaraq-fakturalarni (EHF) rasmiylashtirishda “Yetkazib beruvchi toifasi” hamda “Realizatsiya maqsadi”ni tanlash talabi chiqarib tashlanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitini yaratish, jumladan ichki bozorni himoyalashga qaratilgan tegishli qarorlarni qabul qilishda zarur axborotlarni toʻplash, tahlil qilish natijasi bilan tadbirkorlik subyektlariga manzilli yengilliklar qoʻllashda foydalanish uchun EHF “Tovarning kelib chiqish” ustunida IXTIYORIY RAVISHDA quyidagilardan birini tanlash soʻralmoqda:
🔹Oʻzi ishlab chiqargan;
🔹Oldi-sotdi;
🔹Xizmat koʻrsatish;
🔹Ishtirok etmayman.
Bunda, soliq toʻlovchi tovarni oʻzi ishlab chiqargan boʻlsa “Oʻzi ishlab chiqargan”, xarid qilingan mahsulotni sotayotgan boʻlsa “Oldi-sotdi”, kelib chiqishi toʻgʻrisidagi maʼlumotni koʻrsatishni istamasa “Ishtirok etmayman” qatorini tanlashi mumkin.
EHFda koʻrsatilgan MXIK xizmatlarga tegishli boʻlsa “Tovarning kelib chiqishi” ustunida “Xizmat koʻrsatish” soʻzi avtomatik tarzda aks etadi.
Mazkur ustunni ixtiyoriy to‘ldirish 2023-yil 14-iyuldan boshlanib, amaliyotda ishtirok etish yoki etmaslik EHF shakllantirish va joʻnatishda hech qanday cheklovlarni keltirib chiqarmaydi.
Soliq qoʻmitasi teng raqobat sharoitini yaratish va tadbirkorlik subyektlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishga hissa qoʻshishlari uchun soliq toʻlovchilarni ushbu jarayonda faol ishtirok etishlarini soʻraydi.



