Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasining tegishli mutaxassislari va soliq inspeksiyalari hodimlari ishtirokida siyosiy-ma’rifat soatida zoom orqali “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida”gi PF-39-son farmonining mazmun-mohiyati tushuntirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti 2021 yildan boshlab an’anaga aylandi. O‘tgan uch yil davomida tadbirkorlarning ko‘plab muammolari hal etildi.

O‘tkazilgan muloqotlar natijasida uch yilda 150 dan ortiq tashabbuslar inobatga olinib, zaruriy huquqiy hujjatlar bilan mavjud muammolar bartaraf etildi.

2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da biznes vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 fevraldagi “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida”gi PF-39-son farmoni katta yaxshi yangilik bo‘ldi.

Mazkur farmonga ko‘ra, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun moliyaviy jarima miqdori yengillashtirildi.

Huquqbuzarlik uchun ta’sir chorasi birinchi marta sodir etilganda avvalgi miqdorning 2 foizi, ushbu huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa 20 foiz miqdorida belgilandi.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 227-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun shu kungacha qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarning 98 foizidan voz kechildi, sud va ijro ishlari tugatildi.

Bundan tashqari, ushbu huquqbuzarlik bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalarning 98 foiz qismi tadbirkorlik sub’ektiga qaytariladigan bo‘ldi.

Ushbu yangilik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va huquqbuzarliklar uchun ta’sir choralarini liberallashtirish yo‘nalishidagi tarixiy islohotlarning yana bir asosi bo‘ldi.