#qonunchilikdagi_yangiliklar
Pillachilikni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralari
“Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
👉 PF-72-son, 03.05.2024-y.
Hujjatda 2026-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga quyidagi soliq imtiyozlarini taqdim etish boʻyicha qonun loyihasini tayyorlash nazarda tutilgan:
🔹 uy sharoitida tirik pilla yetishtirish bilan shugʻullanuvchi kasanachilarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilish;
🔹 kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni, boʻshagan mablagʻlarni ularni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilish;
🔹 ipakchilik sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yer soligʻini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qoʻllagan holda toʻlash.
Shu bilan birga, ushbu soha uchun amalda quyidagi soliq imtiyozlari ham mavjud. Jumladan, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari oʻzi ishlab chiqargan oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foyda boʻyicha foyda soligʻini 0 foiz stavkada qoʻllaydi.
👉 Soliq kodeksi 337-modda
Bunda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari deb bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga javob beradigan yuridik shaxslar eʼtirof etiladi:
▫️qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi va uni birlamchi qayta ishlovchi, basharti bunday yuridik shaxsning jami daromadida oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotini, shu jumladan uni oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjalik xom ashyosini qayta ishlashdan olingan mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan daromadining ulushi soliq davridagi jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etsa;
▫️qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur yer uchastkalariga ega boʻlsa.
👉 Soliq kodeksi 57-modda
Shuningdek, ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari balansida boʻlgan mol-mulklarga yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi solinmaydi.
👉 Soliq kodeksi 414-modda



