RASMIY MUNOSABAT
Joriy yilning 23 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tovuq go‘shti mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor tomonidan yo‘llangan videomurojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Joriy yilning 22 may kuni To‘rtko‘l tumani «El-rizqi» MChJ dehqon bozori hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasida tegishli mutasaddi tashkilotlar, xususan, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi hamda Veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi xodimlari hamkorligida «Qurbon hayiti» bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, aholi orasida yuqumli, parazitar kasalliklar tarqalishining hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘rganishlar davomida ayrim tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda bir qator kamchiliklarga, jumladan, tovuq go‘shti mahsulotlarini veterinariya-sanitariya normalari va talablariga zid ravishda sotish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mahsulot sotayotgan fuqarolar va tadbirkorlarga qat’iy ogohlantirishlar berilgan. Xususan, yuqoridagi videomurojaat muallifi ham tovuq go‘shti mahsulotlarini veterinariya-sanitariya talablariga javob bermaydigan holatda sotayotganligi aniqlanib, unga og‘zaki ravishda qat’iy ogohlantirish berilgan hamda tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, videomurojaat yo‘llagan «Ibodullaeva Mahliyo Davlat qizi» YaTT 2023-yil 5-yanvarda (ro‘yxat raqami: 149-60-42-son) tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Mazkur tadbirkorlik sub’ektida To‘rtko‘l tumani Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan soliqqa oid qonunbuzilish holatlari yuzasidan hech qanday tekshirish o‘tkazilmagan. Shuningdek, videomurojaatda aytib o‘tilgan «xarid cheki bermaslik» holati bo‘yicha ham shu kungacha hech qanday soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaganligini bildiramiz.
Shuningdek, «To‘rtko‘l tumani El-rizqi dehqon bozori» ma’muriyati tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan «Elga xizmat» arzonlashtirilgan yarmarka paviloni bozor ma’muriyati mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’mirlangan. Hozirgi kunda ham yuzaga kelayotgan kichik kamchiliklarni bartaraf etish va joriy ta’mirlash ishlari «El-rizqi» MChJ tomonidan doimiy ravishda amalga oshirib kelinmoqda.



