Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi davomida sohani takomillashtirish, xususan soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.
Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida joriy yilning 24-mart kuni Davlat soliq inspeksiyasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Kegeyli tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda jami 32 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida muntazam ravishda, batafsil ma’lumotlar berib borilmoqda.
Kegeyli tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tadbirkorlik subektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida mart oyida 37ta korxonadagi 50 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi.
Soliq turlari bo‘yicha tahlil etadigan bo‘lsak, tushumning 3809,9 mln so‘m yoki 55,5 foizini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 455,1 mln so‘m yoki 0,6 foizini Aylanmadan olinadigan soliq, jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i 923 mln so‘m yoki 13,4 foizini hamda qolgan 1705,2 mln so‘m yoki 24,7 foizini esa boshqa soliqlar va yig‘imlar tashkil etdi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Kegeyli tumani davlat soliq xizmati organlari xodimlari soliq sohasiga oid barcha savollaringizga javob berish, bilmaganlaringizni o‘rgatish va “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida sizga yaqindan yordam berishga doimo tayyordirlar.
Bugungi kunda ham “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tuman soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, sayyor soliq maslahatlari ko‘rsatilmoqda.
Masalan, 1-chorak davomida 498ta korxonalarning muammolari batafsil o‘rganildi. Natijada, soliq organlariga aloqador masalalar bo‘yicha 324ta muammolar ijobiy hal etildi. Bugungi kunda boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar qat’iy nazoratga olinib, hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida soliq turlari bo‘yicha 77 ta subyektlarning 240,3 million so‘m mavjud ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining yanada kengaytirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, bugungi kunga qadar viloyatda “E-imtiyoz” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotidan foydalanish bo‘yicha 54ta korxonalarga tushuntirish ishlari olib borildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, soliq to‘lovchilarga haqiqiy ma’noda ko‘makchi, o‘rgatuvchi bo‘lish soliq organlarining bosh vazifasiga aylanmoqda. Shu ma’noda, tadbirkorlar uchun yanada yengillik yaratish uchun “Avtokameral” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishga tushirilishi sohadagi yangilik bo‘ldi.
Bu tizim orqali, soliq organlari soliq to‘lovchilar faoliyatida tekshiruvdan oldingi tahlillarni, e’tibor qarating tekshirishlarni emas, tahlillarni o‘tkazishi mumkin. Ya’niki, soliq to‘lovchi faoliyati davomida qandaydir xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa yoki hisobotlarida qandaydir tafovvutlar kuzatilayotgan bo‘lsa, avtomatlashgan tizim darhol soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga xatoliklarni tuzatish haqida xabarnoma jo‘natadi. Aqlli dastur o‘zi kamchiliklarni aniqlab, o‘z vaqtida tadbirkorga ko‘makchi bo‘lib, xabar berib boradi. Eng muhimi, bunda inson omili aralashmaydi.
E’tiborli jihatlardan yana biri, soliq islohotlarining jadallik bilan amalga oshirilishi hamda soliq mexanizmlarining yanada soddalashishi natijasida, yashirin iqtisodiyot keskin qisqarib, soliq tushumlari sezilarli darajada ortmoqda. Masalan, Kegeyli tumani 2022 yil 1-choragi uchun belgilangan 6642,8 mln so‘mlik budjet prognoz rejasi 6882,6 mln so‘mga (103,6 %) ortig‘i bilan bajarilib, 239,9 mln so‘mga ko‘p mablag‘ davlat budjetiga tushishiga erishildi. Yana bir dalil: tumanda soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida ixtiyoriy bajarilish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 1-choragi yakuni bilan viloyatda 415 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Hurmatli soliq to‘lovchilar! Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringiz qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berishga tayyormiz.



