Respublikamizda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida

So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishlarda olib borilmoqda. O‘zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifani ishlab chiqdi. Beshinchi maqsadning vazifalariga (Gender tenglik) muvofiq,
2030 yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o‘z ichiga oladi.

  • ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
  • ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
  • aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
  • huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o‘qitish.

Respublikamizda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentimizning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari qabul qilingan. Gender tengligini joriy qilish nuqtai nazaridan ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni, 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi. Mazkur sohadagi qonunchilik choralariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentyabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi. Qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar O‘zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamidir va u qonunchilik hamda amaliyotning xalqaro me’yor va standartlariga to‘liq mos keladi, shu bilan birga, ularning bir qismi BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tavsiyalariga asoslangan. Ayniqsa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Qonun oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir.

 

 

                                                  G.Berdieva,

Nukus tumanlararo

ma’muriy sudining sudya yordamchisi